AQShda kompyuter va texnika sohalarida ishsizlik darajasi oshib bormoqda – tadqiqot

AQShda kompyuter va texnika sohalarida ishsizlik darajasi oshib bormoqda – tadqiqot

AQShda o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqot natijalariga ko‘ra, kompyuter muhandisligi bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilar orasida ishsizlik darajasi oshib ketgan. New York Federal Reserve Bank tomonidan tayyorlangan hisobotda aytilishicha, ushbu yo‘nalish bitiruvchilarining 7,5 foizi hozirda ishsiz, bu esa ko’plab gumanitar yo‘nalishlarda o‘qigan bitiruvchilarga nisbatan deyarli ikki barobar yuqori deganidir.  Qiziq tomoni shundaki, ko‘pchilik yillar davomida barqaror va yuqori maoshli kasb deb hisoblangan STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo‘nalishlari hozirda mehnat bozorida kutilganidek ustunlikka ega emas.

 

Kompyuter ilmlari sohasida ishsizlik darajasi ham 6,1 foizni tashkil etgan. Bu raqam umumiy kollej bitiruvchilari orasidagi 5,8 foizlik o‘rtacha darajadan ham yuqoriroq. Fizika va antropologiya kabi boshqa an’anaviy akademik sohalarda ham ishsizlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, ular kompyuter muhandisligi bilan deyarli tenglashmoqda. Bunday natijalar so‘nggi yillarda sun’iy intellekt va avtomatlashtirish texnologiyalarining keng qo‘llanilishi bilan bog‘liq. Ilgari odamlar tomonidan bajarilgan texnik va analitik ishlar bugun mashinalar tomonidan samarali bajarilmoqda. Natijada yangi bitiruvchilar uchun ish topish tobora murakkablashmoqda.

 

E’tiborlisi shundaki, gumanitar yo‘nalishlarda o‘qigan talabalar, ayniqsa san’at, falsafa, tarix kabi sohalar bitiruvchilari mehnat bozorida barqarorroq mavqega ega bo‘lmoqda. Moliyaviy sohalarda ham aynan keng dunyoqarash, fikrlash qobiliyati va ijodiy yondashuvga ega bo‘lgan insonlar talabgir bo‘lib bormoqda. Hatto dunyoning yirik kompaniyalari – xususan, BlackRock kabi moliyaviy gigantlar ham texnik bilimlardan ko‘ra, insoniy tafakkurni rivojlantiruvchi yo‘nalishlarda o‘qigan bitiruvchilarga ustuvorlik berayotganini ta’kidlamoqda.

 

Bugungi raqobatbardosh mehnat bozorida nafaqat aniq fanlar, balki insonlar bilan muloqot, ijodiy fikrlash, muammolarga kompleks yondashuv kabi “yumshoq ko‘nikmalar” ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xulosa qilib aytganda, STEM yo‘nalishida o‘qish hali ham muhim, biroq bu soha endilikda avtomatlashtirish tahdididan holi emas. Shu boisdan, zamonaviy bilimlarni ijtimoiy va gumanitar yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish, o‘z kasbiy salohiyatini ko‘p yo‘nalishda rivojlantirish bugungi yoshlar uchun eng to‘g‘ri qaror bo‘lishi mumkin.