AQSHdagi oliy ta’lim muassasalarida ChatGPT tufayli yana imtihonlarni yozma olishga qaytmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashri maʼlum qildi.
Amerika universitetlarida bir yil ichida maxsus imtihon daftarchasi — ‘‘Blue Book’’ (inglizchadan tarjima qilganda “koʻk daftar”) sotuvi oshib bormoqda. Masalan, Texas universiteti A&Mda 30%ga, Florida universitetida esa deyarli 50%ga oshgani shuni koʻrsatmoqda. Shuningdek, bu haqda oʻqituvchilarning oʻzlari ham gapirmoqda.
‘‘Blue Book’’ koʻplab amerikalik kollej va universitetlarda, ayniqsa gumanitar va ijtimoiy fakultetlarda anʼanaviy tarzda qoʻllaniladi. Bu daftarcha 4-12 varaqdan iborat boʻlib, keng javoblar, esse yoki qisqa insholar yozish uchun moʻljallangan.
Qogʻozda yozilgan yozma imtihonlarga qaytish nafaqat gumanitar fanlarda, balki huquq, boshqaruv va texnik yoʻnalishlarda ham kuzatilmoqda. Bu oʻzgarish ChatGPT va boshqa generativ sunʼiy intellekt modellarida esse va nazorat ishlarini yozishda keng foydalanish holatlari koʻpayayotgani bilan bogʻliq.
Qoʻlda yozishda boshqa yordamdan foydalanish ancha qiyin boʻladi, deb hisoblanmoqda. Masalan, Yel universitetining siyosatshunoslik boʻyicha oʻqituvchisi Kennet Elliot bir kursining soʻnggi imtihonini ana shunday tashkil etgan. U talabalarga esse mavzularini oldindan eʼlon qilib, ularga oʻylash imkoni bergan. Ammo imtihonni klassik tarzda sinfxonada oʻtkazgan. Barcha talabalar imtihon vaqtida telefon va konspektlarsiz daftarga yozishgan.
Shu bilan birga, xatto sunʼiy intellekt sababli daftarda imtihon oʻtkazishga oʻtgan oʻqituvchilar ham bu qarorga ikkilanmoqda. Birinchidan, talabalar sunʼiy intellektdan foydalanadi, shuning uchun undan samarali foydalanishni oʻrganishlari kerak. Ikkinchidan, daftarlarni tekshirish oson emasligini har bir oʻqituvchi biladi. Bundan tashqari, koʻplab yaqinda bitirgan maktab oʻquvchilari qoʻlda yozishni yaxshi bilmaydi — buni uzoq vaqt davomida oʻrgatishmagan.
Aytish joizki, 2023-yilda, universitetlar ChatGPT yordamida yozilgan talabalar ishlari bilan toʻqnashganda, AQSHda “esse emas” usuli qayta tiklangan edi. Bu usulda oʻqituvchi talabalarga oʻzlarini qiziqtirgan mavzuda har qanday hajmda, har qanday tartibda va vositalar bilan fikr bildirish imkonini bergan. Asosiysi ularning ishlari ishonchli, qiziqarli va yaxshi tuzilgan boʻlishi edi.

