“So‘nggi qo‘ng‘iroq” kunida o‘quvchilar avtomobil boshqargan 384 ta holat aniqlangan

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” kunida o‘quvchilar avtomobil boshqargan 384 ta holat aniqlangan

O‘zbekistondagi maktablarda bu yil 10 mingdan ortiq o‘rta maktabning 632 946 nafar o‘quvchisi 9-sinfni, 451 073 nafar o‘quvchi 11-sinfni bitirdi.

 

Joriy yilda  “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari davomida xavfsizlik ta’minlash maqsadida jami 27 mingdan ortiq IIV, Milliy gvardiya, FVV xodimlari va harbiy xizmatchilari jalb etildi.

 

Jumladan, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) xodimlari maktablar atrofida nazorat olib bordi.

 

Ular ota-onalardan voyaga yetmagan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan farzandlariga avtomobil boshqarishga ruxsat bermasliklarini so‘radi.

 

24-may kuni erta tongda maktablarda bitiruv tadbiri davomida 10 ming nafardan ortiq YPX xodimlari barcha maktablar atrofida nazoratni kuchaytirgani aks etgan videolarni YHXX o‘z telegramdagi sahifasida ulashdi.

 

YPX xodimlari joylarda maktab o‘quvchilarining ruxsatnomasiz mashina boshqargan holatlarini aniqlagan. YHXX matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 14:00 gacha respublika bo‘ylab jami 256 ta holat aniqlangan. Ularning soni kechki soat 20:00 ga kelib, 384 taga yetgan. Ularning eng ko‘pi — 115 tasi Toshkentda sodir etilgan.

 

 

Ma’lumotlarga ko’ra, ushbu qoidabuzarlar orasida 5-sinf o‘quvchisi ham mavjud bo’lgan

 

 

Shuningdek, Samarqand viloyatining Samarqand shahrida uyidan avtomobilni olib qochib chiqqani aytilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiriga ketayotgan 37-maktabning 8-sinf o‘quvchisi YPX xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan qochishga uringan. U davlat raqam belgisini tushirib qoldirib yo‘lida davom etgan. Maktab o‘quvchisining otasiga nisbatan chora ko‘rilgani ma’lum qilindi.

 

Toshkent viloyatida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari davomida 14 ta holatda voyaga yetmagan o‘quvchilarning ishtirokidagi qoidabuzarliklar aniqlangan. Xususan, Chirchiq shahridagi 9-maktab oldida mashina tekshirilganda, uni o‘sha maktabning 11-sinf o‘quvchisi haydab kelgani ma’lum bo‘lgan. Shaharning yana bir ko‘chasida ham bitiruvchi o‘quvchi boshqarib yurgan Nexia-3 avtomobili to‘xtatilgan. Holatlar rasmiylashtirilib, mashinalar jarima maydoniga qo‘yilgan.

 

 

Shuningdek, Xorazm va Andijon viloyatlarida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kuni soat 16:00 gacha voyaga yetmaganlar avtomobil boshqargani bilan bog‘liq 15 tadan holat qayd etilgan.