Samarqand viloyati Paxtachi tumanida 2 ta maktab o‘quvchilari janjalida ulardan biri halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Ma’lumotlarga ko’ra, ushbu janjal instagram ijtimoiy tarmog’idagi bir izoh sababli boshlangan.
Maʼlum qilinishicha, 1-maktabdan 3 nafar o‘quvchi va 12-maktabdan 2 nafar o‘quvchi voqeada ishtirok etgan. 12-maktabdan qatnashgan o‘quvchilardan biri voqea joyida halok bo‘lgan. Holat maktabdan tashqarida bo‘lgan.
O‘quvchilar o‘rtasidagi janjal Instagramʼdagi izohlar sabab bo‘lgan. Marhumga tirsak bilan urilgan va orqaga yiqilib, tili ketgan.
“O‘g‘lim 2007-yil 13-aprelda tug‘ilgan. Darslarda aʼlochi edi, 4 baho ham olmagan. Mening yolg‘iz farzandim edi. O‘sha kuni ketayotganini aytmay uydan chiqib ketgan. Uyga kirsam, menga ustozi telefon qildi. Telefonda o‘g‘lingiz hushidan ketib qoldi, tez kelinglar deganini eshitdim. Borsam o‘lib qolgan ekan”, – deydi marhumning onasi.
Holat yuzasidan Paxtachi tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Vafot etgan o‘quvchi oilada yolg‘iz o‘g‘il ekani, uning onasi farzandi o‘qigan maktabda farrosh bo‘lib ishlashi aytilmoqda. Shifoxonaga yotqizilgan o‘quvchining ahvoli hozircha ma’lum emas.
