Gulnora Karimova tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgan Shveysariyadagi mablag‘lardan ma’lum bir qismi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov ma’lum qildi.
Shveysariya hududida musodara qilingan noqonuniy aktivlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga yo‘naltirilmoqda.
Bu haqida 2022-yil 16-avgustda O‘zbekiston bilan Shveysariya o‘rtasida restitutsiya bitimi imzolangan edi. Mazkur bitim doirasida O‘zbekiston Respublikasi, Shveysariya va BMT hamkorligida BMTning ko‘p tomonlama trast jamg‘armasi huzurida “Ishonch” jamg‘armasi tashkil etilgan.
Bitim doirasida birinchi transh uchun 131 million AQSH dollar miqdoridagi mablag‘ni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Jumladan, “Ishonch” jamg‘armasi hisobidan ta’lim sohasida mo‘ljallangan ishlar ikkita komponentga bo‘lingan holda amalga oshirilmoqda. Birinchisi bo‘yicha axborot texnologiyalari va raqamli yechimlarni kengaytirish orqali ta’lim imkoniyatlarini oshirish loyihasi ishga tushirilgan.
Ikkinchi komponentga asosan, xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda, maktablarda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash, isitish tizimini modernizatsiya qilish, maktablarni boshqarishga jamoatchilikni jalb qilishga qaratilgan loyiha taklifi ishlab chiqilgan.
«Shu munosabat bilan, Shveysariya hududida musodara qilingan noqonuniy mablag‘lar O‘zbekiston xalqi manfaatlari yo‘lida qaytarilganini olqishlaymiz. Bu kelishuvga va ijtimoiy loyihalarga hissa qo‘shayotgan barcha xalqaro tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildiramiz» – deyiladi vazirlik matbuot xizmatining xabarida.
