11-aprel kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida joriy yil oʻtkaziladigan malaka sinovlarini tashkil etish, inklyuziv sinflari mavjud taʼlim maskanlari hamda “Jasorat maktab”lari faoliyati, “Iqtidor maktab ansambli” va “Turon” maktab teatri tanlovlarini oʻtkazish masalalariga doir “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Vazir inklyuziv sinflar mavjud taʼlim maskanlari faoliyatiga toʻxtalib oʻtar ekan, ayni vaqtda 947 ta maktabda 1 401 ta inklyuziv sinf tashkil etilib, ularda 1 948 nafar nogironligi boʻlgan bolalar jalb etilganligini qayd etdi.
Shuningdek, joriy yilning yanvar oyidan 208 ta bogʻchada tajriba-sinov tariqasida tashkil etilgan inklyuziv guruhlarga 606 nafar nogironligi boʻlgan maktabgacha yoshdagi bolalar qamrab olingan.
Vazir joriy yil oʻtkaziladigan PISA 2025 tadqiqotining asosiy sinov jarayonlariga tayyorgarlik ishlari haqida toʻxtalar ekan, shu yil aprel-may oylarida PIRLS 2026 tadqiqotining tajriba-sinov jarayonlari 30 ta maktabda tashkil etilishini aytib oʻtdi.
Mutasaddi xodimlarga ushbu maktablarda PIRLS 2026 tadqiqotini oʻtkazish boʻyicha barcha zarur sharoitlarni tashkil qilish, har bir maktabni oʻquvchilarning soniga nisabatan yana qoʻshimcha 3 ta kompyuter bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda shuningdek, joylarda faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilayotgan “Jasorat maktab”lari faoliyati tahlil etilib, 208 ta “Jasorat maktabi”ni yangi oʻquv yiliga qadar ochish moʻljallanayotganligi aytib oʻtildi.
