AQSh kompaniyasi xodimlariga bepul oliy ta’lim olish imkoniyatini yaratdi

AQSh kompaniyasi xodimlariga bepul oliy ta’lim olish imkoniyatini yaratdi

Best Buy kompaniyasi barcha xodimlariga bepul oliy ta’lim olish imkoniyatini taqdim etishini e’lon qildi. Bu dastur doirasida xodimlar biznes va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olishlari mumkin, o‘qish xarajatlarini esa kompaniya to‘lab beradi. Bu haqda Higher Ed Dive nashri xabar berdi.

 

 

AQShda oliy ta’lim odatda pullik va qimmat hisoblanadi. Talabalar uchun stipendiya va grantlar cheklangan bo‘lib, ko‘pchilik universitetda o‘qish uchun kredit olishga majbur bo‘ladi. Hozirda mamlakatdagi umumiy talabalar krediti miqdori 1,77 trillion dollarga yetgan.

 

 

Ta’lim narxining yuqoriligi sababli talab pasayib, ko‘plab universitetlar ba’zi o‘quv dasturlarini yopishga majbur bo‘lishmoqda. Shu bois ba’zi oliygohlar bakalavr ta’limini uch yillik formatda taklif qilish orqali o‘qish xarajatlarini kamaytirishga harakat qilmoqda.

 

 

Kadrlar tanqisligi sharoitida bepul oliy ta’lim kompaniyalar uchun muhim raqobat ustunligiga aylanmoqda. Yosh mutaxassislarni jalb qilish va ularni ushlab qolish tobora qiyinlashib borayotgan bir paytda, Best Buy bepul ta’lim dasturini ish haqi va ijtimoiy paketning bir qismi sifatida taqdim etmoqda.

 

 

Best Buy qanday imkoniyatlar taqdim etmoqda?

 

– Dastur Strayer universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan va Degrees@Work tashabbusi doirasida amalga oshiriladi.

– Xodimlar assotsiativ daraja (associate degree), bakalavriat yoki magistratura bosqichlarida tahsil olishi mumkin.

– Ta’lim jarayoni Sophia Learning onlayn platformasi orqali ham qo‘llab-quvvatlanadi.

 

 

Bunday hamkorlik dastlab faqat muayyan sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda kassirlar, ombor xodimlari va boshqa ommaviy ishchi lavozimlari uchun ham kengaytirilmoqda.