O’zbekiston umumiy o’rta ta’lim maktablari o’quvchilari o’rtasida o’tkazilgan «Jadidlar izidan» respublika tanlovi g’oliblaridan iborat delegatsiya 11-mart kuni Germaniyaga bordi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar qildi.
Safar davomida delegatsiya vakillari XX asrning boshlarida Germaniyada tahsil olgan o’zbek jadidlari izlarini o’rganish maqsadida Berlindagi turli ta’lim dargohlari va kutubxonalarda bo’lgan.
Xususan, ular Berlinning eng qadimiy va nufuzli oliy o’quv yurtlaridan biri bo’lgan Humboldt universiteti bilan tanishdi. Oliygohning boy tarixi, Nobel mukofotiga sazovor taniqli olimlari va unda faoliyat yuritgan mutafakkirlar hayoti haqidagi ma’lumotlar o’quvchilarda katta qiziqish uyg’otdi. Shu bilan birga, o’quvchilar Germaniyada oliy ta’lim tizimi, universitet va talabalar hayoti bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo’lishgan.
Bundan tashqari, o’quvchilar Germaniya parlamenti –Bundestagga tashrif buyurib, mamlakatning siyosiy tizimi, qonun chiqarish jarayonlari va demokratik tamoyillar haqida ma’lumot olishgan. GFRning ichki va tashqi siyosati, shuningdek, yoshlar siyosatiga qiziqish bildirishdi. Bu uchrashuv o’quvchilarning siyosiy bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ular uchun ushbu mamlakat parlamentning tarixiy binosi – Reyxstag bo’ylab ekskursiya uyushtirilgan.
Ma’lumot uchun, 2024-yil oktyabr-dekabr oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o’quvchilarning mustaqil fikrlash ko’nikmalarini yana-da shakllantirish, ajdodlarning boy ma’naviy merosini keng targ’ib qilish orqali ularni kitobxonlikka jalb etish maqsadida «Jadidlar izidan» respublika tanlovi o’tkazilgan edi.

