Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi PQ-393-son qaroriga koʻra, 2025-yil 1-iyundan ta’lim tashkilotlaridagi Vatanparvarlik ruhida yoshlarni tayyorlash boʻyicha direktor oʻrinbosari — harbiy chaqirigʻqacha tayyorgarlik rahbari lavozimi tugatilib, shtat birliklari Mudofaa vazirligiga oʻtkaziladi va ushbu shtat birliklari hisobidan CHQBT rahbari lavozimi joriy etiladi. Ya’ni, 2025-yil 1-iyundan boshlab ular direktor oʻrinbosari hisoblanmaydi.
CHQBT rahbari quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
– Mudofaa vazirligi tomonidan biriktirilgan ta’lim tashkilotida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy kasbga yoʻnaltirish, harbiy-sport musobaqalari va CHQBT fani mashgʻulotlarini tashkil etish;
– oʻquvchi-yoshlarni harbiy ta’lim muassasalariga saralash ishlarini olib borish;
– “Vatan tayanchi” otryadi faoliyatini boshqarish hamda harbiy qism va poligonlarda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish.
CHQBT rahbarlariga umumiy oʻrta ta’lim tashkiloti oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasi belgilanadi. Shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq, umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari xodimlari uchun belgilangan yillik mehnat ta’tillari beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-son Farmonida belgilangan tartibda CHQBT rahbarlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pulli kompensatsiya to‘lanadi.
2025-2026-o‘quv yilidan boshlab har bir yangi tashkil etiladigan ta’lim tashkilotlari uchun 1 ta shtat birligidan iborat CHQBT rahbari lavozimi kiritib boriladi.
2025-yil 1-aprelga qadar CHQBT rahbari lavozimiga saralash natijalari bo‘yicha tayinlangan xodimlar faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlarini (KPI) belgilash tartibini tasdiqlaydi.
Manba: Xalqtaliminfo.uz