Oxford Insights tashkiloti tomonidan “Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksi” reytingi eʼlon qilindi. Ushbu reytingda O‘zbekiston 53,45 ball bilan 70-o‘rinni egallab, 17 pog‘onaga ko‘tarildi. Mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari orasida 1-o‘rinni egallab turibdi.
Mazkur reyting hukumatning sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilishga tayyorligini baholaydi va 40 ta indikator asosida tuziladi.
Mamlakatning ushbu yutuqlari hukumat tomonidan tasdiqlangan “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” hamda bu sohadagi izchil islohotlar natijasi ekanligi taʼkidlandi.
Reytingda O‘zbekiston Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqasida Hindiston va Turkiyadan keyin 3-o‘rinni egallagan.
Keyinroq sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha erishish lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar, shu jumladan:
-sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 1,5 milliard AQSH dollariga yetkazish;
-YIDXP (my.gov.uz) da sun’iy intellekt asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish;
-sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini 10 taga yetkazish hamda yuqori quvvatli hisoblash serverlarini ishga tushirish;
-hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (Government AI Readiness Index) O‘zbekistonni birinchi 50 ta o‘rindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishish.