Bishkekda yo‘l-transport hodisasi oqibatida avtomobil bo‘laklarga bo‘linib ketdi va ikki nafar xorijlik talaba halok bo‘ldi. Bu haqda “24.kg” huquq-tartibot idoralari manbasiga tayanib xabar berdi.
Hodisa 15-dekabr kuni ertalab soat 6:45 da “Madina” bozori yaqinidagi avtobus bekatida sodir bo‘lgan. BMW avtomobili “7-aprel” ko‘chasi bo‘ylab shimoliy yo‘nalishda yuqori tezlikda harakatlanayotganda, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘ldan chiqib ketgan va avtobus bekatidagi ustunga urilgan.
To‘qnashuvning kuchliligi sabab avtomobil bo‘laklarga ajralib ketgan. Mashinada Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasining uchinchi bosqichida tahsil olayotgan besh nafar Pokiston fuqarosi bo‘lgan. Hodisa oqibatida ikki nafar talaba voqea joyida halok bo‘lgan, uch nafari esa kasalxonaga yetkazilgan.