Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 17.09.2021-yildagi 572-son qaroriga muvofiq, navbatdagi-majburiy attestatsiyada tegishli ballarni toʻplay olmagan pedagoglar malaka toifasi bir pogʻonaga tushiriladi.
Ushbu nizomning 44-bandiga koʻra, amaldagi malaka toifasi Oliy, birinchi yoki ikkinchi boʻlib, navbatdagi-majburiy attestatsiyada tegishli ballarni toʻplay olmagan pedagoglarning amaldagi malaka toifasi bir pogʻonaga tushiriladi va ular keyingi besh yil ichida navbatdagi-majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydilar.
Ularga nisbatan hech qanday salbiy harakatlar amalga oshirilmaydi. Ular, faqat oʻz xohishlariga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyalarda ishtirok etishlari mumkin (hech qanday cheklovlarsiz).
Amaldagi mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻta olmagan taqdirda (55 baldan past toʻplasa yoki uzrsiz qatnashmagan boʻlsa), ish beruvchi xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega (ishdan boʻshatishga majbur emas).
44-1. Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻta olmagan mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadr navbatdan tashqari attestatsiyaga koʻpi bilan uch marta jalb etiladi.
Bunda uch martadan birortasida ham navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻta olmagan yoki uzrli sababsiz (kasallikka chalinishi oqibatida uzoq muddatli mehnatga qobiliyatsizlik hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari hollarda) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog kadr bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bekor qilinadi.