Ijtimoiy tarmoqlarda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan “Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisida”gi sertifikatni bilimi talab darajasida bo’lmagan pedagoglarga ham taqdim etilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Bu masalaga oydinlik kiritish uchun Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot kotibi bilan bogʻlandik. Agentlik vakili sertifikatni pulga sotilayotgani haqidagi maʼlumotlarni rad qildi.
“Sertifikatni berishdan avval belgilangan 4 ta ko’nikma boʻyicha imtihon oʻtkaziladi. Baholash jarayoni tegishli mezonlar orqali baholanib, bilim natijasiga yarasha daraja oladi. Apellyatsiya murojaati bor. Unda kelib tushgan shikoyatni komissiya ko’rib chiqadi. Apellyatsiya natijasi bo’yicha murojaatchiga javob xati beriladi”.
Taʼkidlanishicha, chet tilini bilish darajasi bo’yicha sertifikatni beruvchi xorijiy va boshqa tashkilotlar ham mavjud. Pulga sotib olish holatlari shu tashkilotlarda uchrayotgan bo’lishi mumkin.
“Agar shunday holatlar haqiqatdan bo’layotgan bo’lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga dalil bilan murojaat qilishlari mumkin. Lekin hali bunday masalada agentlikga murojaatlar kelib tushmagan”, – deya qoʻshimcha qildi Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot kotibi.