Xabaringiz bor, joriy yilning 2–3-noyabr kunlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan ona tili va adabiyot fanidan milliy test tizimi doirasida imtihon o‘tkazildi.
Ushbu imtihon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktyabrdagi 646-son qarori asosida tashkil etilgan va natijalariga ko‘ra abituriyentlarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Sertifikat darajasiga mos ravishda oliy ta’limga kirish testlarida maksimal yoki tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan ayrim test topshiriqlari hamda esse mavzularining imtihon savollari bilan muvofiqligi agentlik tomonidan o‘rganib chiqilgan. BMBA holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo’lishicha, tahlil jarayonida mazkur holat turli omillar ta’sirida yuzaga kelganligi ma’lum bo‘lgani aytilgan.
Test topshiriqlari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, ona tili fanidan lingvistik va nutqiy, adabiyot fanidan badiiy-nutqiy kompetensiyalarni baholashga qaratilgan. Esse yozish texnologiyasi asosida yozma savodxonlik baholangan bo‘lib, mavzular o‘quv dasturlariga mos (“Gender tengligi”, “Maktabni bitirgach qay yo‘ldan borgan ma’qul?”, “Oliy ta’lim olish yoki ishga kirish?” kabi mavzular doirasida) tanlangan.
Shuningdek, ayrim test savollari va esse mavzulari ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingan holatlari kuzatilgan. Tahlillar jarayonida mazkur test savollarining ayrimlari agentlik test bazasiga tegishli emas, ammo imtihonlarda qayta ishlatilgan savollar bevosita Rash modeli ilmiy-nazariy talablari asosida tanlangani ta’kidlangan. Ushbu model test qiyinlik darajasining mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan.
Ona tili (o‘zbek) va adabiyot fani bo‘yicha o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihoni natijalari ilmiy-statistik tahlili bilan Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-sayti (uzbmb.uz) da tanishishingiz mumkin.