Tadqiqot Xitoyning Shensi universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilib, natijalari Social Cognitive and Affective Neuroscience jurnalida chop etildi.
Mualliflar smartfonga qaramlikning aqliy qobiliyatlarga salbiy ta’siri allaqachon ma’lum ekanligini, ammo uning kreativlikka qanday ta’sir qilishi noma’lum bo‘lganini ta’kidladilar.
Tadqiqot qanday o‘tkazildi?
Olimlar dastlab maxsus shkaladan foydalanib, 18-25 yoshdagi 503 nafar talabada smartfonlarga qaramlik darajasini o‘lchadilar.
Test natijalariga ko‘ra, ularning 27 foizi eng yuqori ball olgan va “qaram” sifatida belgilandi. Eng past ball to‘plagan 27 foiz talaba esa smartfonlarga qaram bo‘lmagan deb topildi. Ushbu ikki guruh vakillaridan 48 kishi (har bir guruhdan 24 nafar) tadqiqotning keyingi bosqichida ishtirok etishga rozi bo‘ldi.
Tadqiqot uch bosqichda o‘tkazildi:
1. I bosqichda — ishtirokchilarga turli obyektlar ko‘rsatilib, ularning ikki xil keng tarqalgan qo‘llanilishi haqida ma’lumot berildi.
2. II bosqichda — ishtirokchilar faqat obyektlarni ko‘rib, ularning qo‘llanish usullarini eslab aytishlari kerak edi. Agar ular xato qilishsa, topshiriqni qayta bajarishdi. Bosqich barcha savollarga to‘g‘ri javob berilgandan keyin yakunlandi.
3. III bosqichda — ishtirokchilar obyektlarning maksimal darajada original qo‘llanilish usullarini o‘ylab topishlari kerak edi (olti avval o‘rganilgan va olti yangi obyekt). Shu bosqichda ularning miya qobig‘idagi faoliyat o‘lchandi. Javoblar uch mezon bo‘yicha baholandi:
– fikrlash moslashuvchanligi
– javoblar soni
– originallik.
Originallik — konsensus baholash usuli yordamida o‘lchandi: uch ekspert javoblarga ijodkorlik darajasi bo‘yicha 1 dan 5 ballgacha baho berdi va natijalar o‘rtacha hisoblandi.
Ma’lumot o’rnida, konsensus baholash usuli – bu bir masala bo‘yicha guruh a’zolarining kelishuvga erishishini ta’minlaydigan usul. Bu jarayonda har bir ishtirokchining fikri inobatga olinib, umumiy qaror yoki baho shakllantiriladi.
Nimalar aniqlangan?
Smartfonga qaramlik — ijodiy g‘oyalar yaratish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Olimlar qaram ishtirokchilar prefrontal qobiq va miyaning chakka sohalari kamroq faol bo‘lganini kuzatdilar. Bundan tashqari, ular uch mezon bo‘yicha ham pastroq ball to‘pladilar.
Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, oldingi tadqiqotlar smartfonga qaramlikning yangi vaziyatga moslashuvchanlik va ijro funksiyasini yomonlashtirishi, diqqatni boshqarish va rejalashtirish qobiliyatini pasaytirishini ko‘rsatgan. Bu esa yangi axborotni izlash qobiliyatining zaiflashishiga olib keladi.
Tadqiqot davomida miya qobig‘ining turli sohalaridagi faollikni tahlil qilish orqali aniqlangan farqlar ushbu xulosalarni tasdiqladi: smartfonlarga qaram bo‘lgan ishtirokchilar yangi g‘oyalar yaratishda eski ma’lumotlardan ajralib, umumiy fikr yoki yangi yondashuvlarni shakllantirishda qiynalishlari aniqlandi.
Xulosa va kelgusidagi rejalari
Xulosa sifatida tadqiqotchilar endi smartfonlarga bog‘liqlikning turli kategoriyalari – masalan, ilovalar, o‘yinlar yoki ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik – ijodiy qobiliyatlarga qanday ta’sir qilishini o‘rganish zarurligini ta’kidladilar. Bundan tashqari, ular kelgusidagi ishlar faqat g‘oyalarni yaratish jarayoniga emas, balki umuman ijodiy bilishga e’tibor qaratishi kerakligini qayd etdilar. Shuningdek, tadqiqotchilar ijodiy g‘oyalarni shakllantirishda miya chuqur sohalarining ta’sirini o‘rganish muhim deb hisoblaydilar.
Avvalroq, olimlar gadjetlardan foydalanish inson xotirasini zaiflashtirmasligini, lekin uning boshqacha ishlashiga olib kelishini aniqlashgan edi.