Joriy yilning 5-noyabr kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Menejment va zamonaviy texnologiyalar universiteti (UMFT) bilan hamkorlikda “Yangi taraqqiyot bosqichida maktab ta’limini rivojlantirish strategiyalari: chaqiriqlar, muammolar, tadqiqotlar va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyaning maqsadi – dunyo boʻylab tadqiqotchilar, oʻqituvchilar va taʼlimga aloqador ekspertlar bilan oʻzaro bilim va tajriba almashish hamda umumiy oʻrta taʼlim sohasidagi soʻnggi oʻzgarishlar va dolzarb muammolarni muhokama qilish orqali taklif va yechimlarni amaliyotga joriy etishdan iborat.
Tadbirning ochilish marosimida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Ta’limni rivojlantirish markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova, YUNESKO O‘zbekistondagi vakili Sara Noshadi, YUNISEF O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Geoffrey Ijumba so‘zga chiqib ushbu konferensiya ta’lim sohasidagi yangi g‘oyalar uchun muhim maydon vazifasini bajarishini va islohotlarni yanada takomillashtirish uchun ilmiy asos yaratishini ta’kidladi.
Konferensiyaga 100 nafardan ortiq xalqaro va mahalliy tashkilotlar va institutlardan ekspertlar taklif etilgan. Jumladan, Niderlandiyaning Groningen universiteti professori, Shanxayning YUNESKO Oʻqituvchilarni tayyorlash markazi direktor oʻrinbosari, Global New Energy Akademiyasining asoschisi va bosh direktori, Tailand Qirolligi ta’lim vazirligi kengashi a’zosi Star Xin Nie, Singapur Nanyang Texnologiya Universiteti professori, Shanxayning Edtech kompaniyasi vakili, Shanxaydagi Vellington kolleji direktori, YUNISEF tashkiloti eksperti o‘z ma’ruzalari bilan ta’limdagi zamonaviy tendensiyalar va ularni amaliyotga tatbiq etishdagi tajribalar va yechimlar bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Shu bilan birgalikda, mahalliy mutaxassislar sifatida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori, pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari va professorlari hamda maktab direktorlari taqdimot qilish bilan birgalikda, muhokamalarda ishtirok etishdi.
Konferensiya quyidagi uch asosiy qismga boʻlingan holda tashkil etildi:
– taʼlim sohasidagi ekspertlarning oflayn va onlayn maʼruzalar;
– pedagogik kadrlarni tayyorlash bilan bogʻliq muhokamalar;
–davlat va nodavlat maktablar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish choralari bilan bogʻliq yondashuvlar muhokamasi.
Konferensiya davomida Taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqilgan “PISA va TIMSS tadqiqotlariga tayyorgarlik (1-toʻplam): Matematik savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar toʻplami” taqdimoti ham oʻtkazildi.
Ushbu toʻplamdan matematika fani oʻqituvchilari, mentor-oʻqituvchilar hamda 5-11-sinf oʻquvchilari foydalanishi mumkin boʻlib, u oʻquvchilarning matematik savodxonligini rivojlantirish, shuningdek, oʻqituvchilarning “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlantirish soati” doirasidagi salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy topshiriqlarni oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, ushbu konferensiyada ishtirok etish uchun yuborilgan ilmiy-ishlanmalar orasidan eng dolzarb mavzularga bag‘ishlangan 40 dan ortiq maqolalar to‘plam ko‘rinishida chop etildi.
Taʼkidlash lozimki, konferensiya davomida xalqaro tajriba asosida pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion texnologiyalar yordamida dars jarayonlarini takomillashtirish, hamda O‘zbekistonda ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqiladi.