Xodimlarni bayramlarda rag’batlantirish tashkilotning mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlariga bogʻliq.
Mehnat kodeksining quyida keltirilgan ayrim moddalarida xodimlarni rag’batlantirishga oid tartiblar belgilangan:
– 24-moddasiga koʻra, ish beruvchi xodimlarni halol samarali mehnati uchun ragʻbatlantirish huquqiga ega;
– 299-moddasiga koʻra, ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin. Ragʻbatlantirish turlari, ularni qoʻllash tartibi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki mehnat tartibi qoidalari hamda mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va mehnat shartnomasida belgilanadi;
– 13-moddasiga koʻra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qoʻshimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin. 12-moddasida esa, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iboratligi keltirilgan:
– jamoa kelishuvlari;
– jamoa shartnomalari;
– ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;
ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi oʻz vakolatlari doirasida yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.
Eslatma! Agar tashkilotning ichki hujjatlarida faqat Mehnat kodeksining 208-moddasida nazarda tutilgan, 9 ta ishlanmaydigan bayram kunidagina xodimlarni mukofotlash nazarda tutilgan boʻlsa, ish beruvchi garchi ichki lokal hujjatlarda nazarda tutilmagan boʻlsada, xodimlarni ragʻbatlantirishi mumkin.
Chunki, yuqorida keltirilganidek, ish beruvchi oʻz vakolatlari doirasida yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar — buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar ham mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjat hisoblanadi.
Budjet tashkilotlari ham oʻzlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xodimlarni 11-noyabr Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan mukofotlashlari mumkin!