Sinxua universiteti professori Fey Guoning tadqiqoti Xitoyning 34 ta oliy o‘quv yurtidagi 130 mingdan ortiq talabani qamrab olgan. Tadqiqot natijalari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim ilmiy-tadqiqot institutida o‘tkazilgan XV Xalqaro oliy ta’lim tadqiqotchilarining konferensiyasida taqdim etildi.
“Xitoydagi yuqori sinflarda raqobat muhiti kuchli, chunki oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun imtihon – gaokao juda murakkab hisoblanadi. Bu imtihon Xitoyning barcha o’rta maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga kirishga tayyorlash va saralash uchun o’tkaziladi. U asosan, iyun oyining boshida o’tkaziladi va ikki yoki uch kun davom etadi. Ballar odatda 750 ballik tizim bo’yicha hisoblanadi”, – degan professor.
Shuning uchun, oliy ma’lumotli o‘quvchilar nafaqat dasturni o‘zlashtirishga, balki o‘zlashtirishi bo‘yicha eng yaxshilar qatoriga kirishga harakat qilib, juda shiddat bilan o‘qiydilar. Kirish imtihonlarini topshirilgandan so‘ng, ko‘pgina yoshlar o‘qishdagi maqsad va ma’no tuyg‘usini yo‘qotadi.
Psixologik notinchlik qanday namoyon bo‘ladi?
Xitoy oliy ta’lim muassasalarida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ishtirokchilarning 90 foizi o‘qishdagi tirishqoqlik ularga muvaffaqiyatga erishish imkonini berishiga hamda qiyinchiliklarni yengish qobiliyatiga ishonadi. Ammo 30% ga yaqini tanlangan mutaxassislik va aniq o‘rganilayotgan fanlar ularni kelajakdagi karyeraga tayyorlashga yordam beradi, degan fikrga qo‘shilmadi.
Bundan tashqari, psixologik muammolar o‘qishga bo’lgan qiziqishni pasaytirgani, bu esa o‘z navbatida ta’lim natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildiradi.
Tadqiqotchilar yana quyidagi xususiyatlarni aniqladilar:
– birinchi avlod talaba qizlarda o‘g‘il bolalarga qaraganda qat’iyatlilik va o’ziga ishonch darajasi past;
– nufuzli universitetlarda talabalar yuqori raqobat tufayli ko‘proq psixologik muammolarga duch kelishadi;
– birinchi kurs talabalari va yuqori kurs talabalarida, odatda, stress darajasi ikkinchi kursga qaraganda past bo‘ladi.
Aynan o‘qishning ikkinchi yili – eng qiyin yil hisoblanadi. Chunki birinchi kursda ko‘pchilik murakkab kirish imtihonlaridan o‘tib, o‘zlarini g‘olib deb his qiladilar, keyin esa o‘qishning murakkabligi oshadi va psixologik zo‘riqish ortadi. Bitiruvga yaqin, talabalarning aksariyati bosimni yengishga muvaffaq bo‘lishadi.
Professorning so’ziga qaraganda, 1994-yildayoq, Xitoy universitetlarida psixologik qo‘llab-quvvatlash dasturlari paydo bo‘lgan. Hukumat ularni muntazam ravishda kengaytirib borgan. Deyarli har bir oliy o‘quv yurtida talabalar psixologik yordam va sohasi bo‘yicha tavsiyalar olishlari mumkin bo‘lgan maslahat markazlari mavjud.
Shunday bo’lsa-da, psixologik farovonlik ko‘rsatkichlari eng past bo‘lgan talabalar bunday markazlarga boshqalarga qaraganda kamroq murojaat qilishadi.