Chorak tugab, maktablarda ta’til boshlanganda oʻqituvchilar ishga bormasa ham boʻladimi?
Amaldagi Mehnat kodeksining 114-moddasiga koʻra, xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq, oʻz mehnat vazifalarini bajarishi lozim boʻlgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.
Mehnat kodeksining 125-moddasiga koʻra, ish beruvchi har bir xodimning haqiqatda ishlagan ish vaqtini oʻz vaqtida aniq hisobga olib borishi shart. Pedagog xodimlarning ish vaqti ular tomonidan bajarilgan pedagogik yuklamaga muvofiq hisoblab chiqariladi.
Oʻqituvchining pedagogik yuklamasining bajarilishini hisobga olish, har kuni ishga kelish va ketish jurnali orqali yuritiladi.
Shuningdek, har oylik ish vaqtini hisobga olish tabelida aks ettirilib, unda amalda bajarilgan oʻquv soatlari (dars soati soni), pedagogik ish soatlari, barcha bajarilgan soatlar, yaʼni jami oʻquv va pedagogik soatlar yigʻindisi koʻrsatiladi.
Maktabda darslar boʻlmagan vaqtlarda xodimlar pedagogik yuklamasida belgilab berilgan ishlarni amalga oshiradi yoki maktab maʼmuriyati tomonidan berilgan topshiriqlarni bajaradi. Amaldagi Mehnat kodeksining 154-moddasiga muvofiq, ish beruvchi xodimga haqiqatda bajargan ishi uchun maosh toʻlaydi. Bajarilmagan ish uchun esa ish haqi toʻlanmaydi.
Bunday holatlar amaldagi qonunchilik doirasida taʼlim muassasasi kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda rasmiylashtiriladi. Xodim ish joyiga kelmagan taqdirda tabelga kiritilmaydi va haq toʻlanmaydi.
Agar maktabning ichki mehnat tartib qoidalarida xodimning ish joyiga kechikib kelishi yoki ish joyiga sababsiz ravishda kelmasligi xodimning oʻz mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzishlar roʻyhatiga kiritilgan boʻlsa, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi ham mumkin.