Moddiy yordam olish uchun xodim shu tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlashi va moddiy yordam olish uchun asos bo‘ladigan holatlar sodir bo‘lishi lozim.
Bunda Vazirlar Mahkamasining 02.08.2022-yildagi 425-son qaroriga ko‘ra umumta’lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam kalendar yil davomida ikki lavozim maoshi (o‘qituvchining tarif stavkasi) miqdorigacha:
–xodimning o‘zi va yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandi) vafot etganda;
–yoki og‘ir kasallikka chalinganda;
–xodim tabiiy ofatdan zarar ko‘rganda ko‘rsatiladi.
Qoidaning mazmuniga ko‘ra xodim maktabda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan davrda yuqoridagi holatlar sodir bo‘lsa, direktor jamg‘armasida mablag‘ yetarli bo‘lgan taqdirda xodim 2 lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam olishga haqli.
Mana shu qoidaga ko‘ra xodim 1 kalendar yilida jami 2 lavozim maoshigacha moddiy yordam olishi mumkin.
Bunda xodimga moddiy yordam berish bo‘yicha ishchi guruh qarori asosida direktor buyruq chiqaradi.
Og‘ir kasallik – o‘lim xavfi yuqori bo‘lgan va insonning kundalik faoliyatiga yoki hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan yoki ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga haddan tashqari qiyinchilik kelib chiqaradigan, ba’zan nogironlikka olib keluvchi sog‘liq holati hisoblanadi.
Shunga ko‘ra bu holatda tibbiy xulosada kasallik og‘ir ekanligi yozilgan bo‘lsa, unda maktab direktorida ham moddiy yordam olish huquqi mavjud bo‘ladi.