Nodavlat ta’lim tashkilotlarida qayta tayyorlovdan o’tgan pedagoglarni diplomlari tan olinmayotgani aytildi

 

Nazorat.uz ommaviy axborot vositasi vakillari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlaridan kelgan nodavlat taʼlim tashkilotlari rahbarlari bilan birgalikda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga murojaat qilib borishgan.

 

 

Vazirlikka tashrif kelgan nodavlat taʼlim tashkilotlari vakillari soʻzlariga koʻra, ular amaldagi qonunchilikka amal qilgan holda malaka oshirish va qayta tayyorlash faoliyatini koʻrsatish boʻyicha oʻrnatilgan tartibda ruxsat olib faoliyat koʻrsatib kelishgan. Biroq soʻnggi oylarda ularning muassasalarida maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyasi va maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi yordamchisi sifatida qayta tayyorlovdan oʻtib diplom olgan bitiruvchilarning diplomlari tan olinmasdan bir qator muammolar kuzatilmoqda.

 

 

 

“Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida oʻz faoliyatimizni boshlaganmiz. Oʻrta-maxsus bilimga ega, 3-yillik kollejni bitirgan, bizga kelib 6-9 oy davomida qayta tayyorlov kurslaridan oʻtib, maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi degan mutaxassislikda oʻqib diplom olyapti. Bizda 2-yil davomida ishlab oyligini olib turgan mutaxassislar, 2024-yil iyun oyidan boshlab oylik olishi toʻxtatildi. Hozirgacha 350 ta kadrni oʻqitganmiz ularni 250 tasida shu muammo kuzatilyapti. Shular oylik ola olmayapti, buni natijasida oilada bir qancha mojarolar kelib chiqyapti. Mehnat shartnomasi buzilyapti” – deydi “GʻIJDUVON BUSINESS PLACE” direktori.

 

 

 

 

Nodavlat taʼlim tashkilotlari rahbarlari ushbu masala yuzasidan avvalroq Nazorat.uz ijodkorlari bilan birga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ham borib murojaat qilishganda, vazirlikning Yuridik boshqarma boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Oxunjon Ibrohimov, ushbu muassasalarning diplomlari tan olinishi uchun ular avvalo attestatsiyadan oʻtishi va davlat akkreditatsiyasiga ega boʻlishi lozimligini aytib oʻtgan. Vazirlik xodimi bunga asos sifatida “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasini asos sifatida oʻqib bergan.

 

 

 

 

Biroq Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi masʼul xodimlari esa ushbu tashkilotlar tashkil qilinganiga hali 4-yil muddat boʻlmagani sababli davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyadan oʻtishi shart emasligini maʼlum qilishgan.

 

 

Hozirgi paytda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi 91-son qarori bilan Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan hamda davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi tasdiqlangan.

 

 

Biroq oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlimni va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari, bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni beruvchi, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash boʻyicha davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarini davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyadan oʻtkazishning yangi tartibi tasdiqlanmagan.

 

 

Maʼlum boʻlishicha, taʼlim tashkilotlari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-son qarori bilan tasdiqlangan tartibga asosan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (2022-yilda faoliyati tugatilgan) tomonidan attestatsiya va akkreditatsiyadan oʻtkazib kelingan. Inspeksiya tugatilgach, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son qarorining 3-bandiga asosan taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi bekor qilinib, kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tizimi joriy etiladi. Bunda kompleks davlat akkreditatsiyasi har 4-yilda taʼlim tashkilotlarini tashqi baholash natijalari asosida oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilishi lozim edi.

 

 

Ushbu qarorga 6-ilova sifatida tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning 6-bandiga koʻra, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar oʻrta maxsus, professional, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2023-yil oktyabriga qadar tayyorlashi belgilangan.

 

“Nazorat.uz” vakillari va tadbirkorlar bilan 2024-yilning sentyabr oyida muloqot qilgan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining maʼsul xodimi nodavlat taʼlim tashkilotlarini kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qarori joriy oy yakunida qabul qilinishi kutilayotgani hamda akkreditatsiyadan oʻtish uchun murojaat qilish mumkin boʻlishini maʼlum qilgan.

 

 

Biroq ushbu maqolani 2024-yilning 12-oktyabr kuni tayyorlash jarayonimizda Oʻzbekiston Respublikasi milliy Qonunchilik bazasidan (lex.uz) ushbu qarorni topa olmadik.

 

 

Bundan tashqari, yana bir holatda ikki vazirlikning yana bir masala boʻyicha javoblari bir biridan farq qiladi. Yaʼni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xodimlari oʻrta maxsus maʼlumotli pedagoglar uchun qayta tayyorlov yoʻqligini, qayta tayyorlov faqat oliy maʼlumotli mutaxassislarga mumkinligini maʼlum qilgan boʻlsa, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi masʼullari amaldagi tartib boʻyicha oʻrta maxsus pedagoglar uchun qayta tayyorlov mavjudligini aytib oʻtishgan.

 

 

 

Quyidagi savollarga aniq javob topish nodavlat taʼlim tashkilotlari, qayta tayyorlovdan oʻtgan yoki oʻtmoqchi boʻlgan va boshqalar uchun quyidagi savollarga vakolatli vazirlik va idoralar aniq javob berishsa maqsad muvofiq boʻlardi:

 

1. Boshqa sohalar boʻyicha oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi boʻlib ishlashi uchun davlat yoki nodavlat taʼlim tashkilotlarida qayta tayyorlovdan oʻtishi mumkinmi?

 

2. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari davlat akkreditatsiyadan oʻtkaziladimi? Aniq tartib mavjudmi?

 

3. Hozirgacha kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi nodavlat taʼlim tashkilotlarida maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi va tarbiyachi yordamchisi sifatida qayta tayyorlovdan oʻtib ishlab kelgan va 2024-yil yozidan boshlab ishdan boʻshatilayotgan fuqarolarimiz diplomlari tan olinadimi? Ular oʻzi ushbu mutaxassislik boʻyicha ishlashlari mumkinmi?

 

4. Videoda nodavlat taʼlim tashkilotlari rahbarlari 11-sinfni tugatgan fuqarolarga ham maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi va tarbiyachi yordamchisi sifatida qayta tayyorlovdan oʻtkazib diplom berishganini maʼlum qilishdi. Ular 1997-yildan avval maktabni tamomlab nomutaxassis sifatida bogʻchalardan ishlab kelishganini aytib oʻtishdi. Ular ishlashi mumkinmi? Bundan keyin ham 11-sinfni tamomlagan ushbu mutaxassisliklar boʻyicha qayta tayyorlovdan oʻtishlari mumkinmi?

 

5. Videoda respublikamiz miqyosida bugungi kunda 1500 dan ortiq kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari mavjudligi aytib oʻtildi. Ularga nechta kishiga, qancha vaqt, qanday koʻrinishda oʻqitish va qachon diplom bergani haqida biron tashkilotda maʼlumot bormi? Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xodimlari ushbu maʼlumotlar ularda yoʻqligi sababli shikoyat qilib kelgan tashkilotlardan taqdim etishni soʻrashdi.

 

Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan va mavzuga aloqador savollarga aniq javob berish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida barcha jihatlarni inobatga olish fuqarolarimizni turli sarsongarchiliklardan xalos etadi. Taʼlimxabarlari.uz sayti vazirlik va idoralar tomonidan ushbu savollarga javob qaytarilsa, ularni eʼlon qilishga tayyorligini maʼlum qiladi.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры