Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida
Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 22-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 14-dekabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi qonunchilik
Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
alohida ta’lim olish ehtiyojlari bo‘lgan bolalar — nogironligi bo‘lganidan yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, oila, pedagoglar, mutaxassislar, jamiyat va davlatning alohida e’tiboriga muhtoj bo‘lgan individual ehtiyojlarga ega bolalar;
davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti — davlat tomonidan moliyalashtiriladigan va boshqariladigan hamda maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standartiga muvofiq maktabgacha ta’lim va tarbiya xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilot;
inklyuziv ta’lim va tarbiya — bolalarning alohida ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyojlarini hamda individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda ta’lim va tarbiya olishi uchun teng imkoniyatlarni ta’minlaydigan jarayon;
maktabgacha bo‘lgan yosh — bolalarning tug‘ilgan paytidan yetti yoshgacha, to ularga umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim berish boshlangan paytga qadar bo‘lgan yoshi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya — bolalarga ta’lim va tarbiya berishga, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek bolalarni umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz ta’lim turi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya davlat standarti — ta’lim-tarbiya jarayonining hajmiga, mazmuniga va sifatiga, maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish va jihozlashga, shuningdek maktabgacha yoshdagi bolalarning sog‘lom ovqatlanishini va xavfsizligini tashkil etishga doir majburiy talablar majmui;
maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturi — bola tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan asosiy bilimlarning, mahorat va ko‘nikmalarning hajmini hamda mazmunini belgilovchi, shuningdek ta’lim va tarbiya mazmunining o‘ziga xosligini, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi hujjat;
maktabgacha ta’lim tashkiloti — maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida ta’lim va tarbiya xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat va nodavlat tashkiloti;
nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti — nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya asosida maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida ta’lim va tarbiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
pedagogning kasbiy standarti — maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining shaxsiy kasbiy sifatlariga, bilimlariga, mahorati va ko‘nikmalariga doir asosiy talablar majmui;
ta’lim va tarbiyaning muqobil shakli — maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimidagi innovatsion ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish modeli.
4-modda. Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning asosiy prinsiplari
Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
har bir bola uchun maktabgacha ta’lim va tarbiya olish imkoniyatining mavjudligi;
har bir bolaning iste’dodi nishonalarini, ishtiyoqlari va qobiliyatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar tengligi;
maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarga ta’lim, tarbiya berish va ularni sog‘lomlashtirishning, oila hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyaviy ta’sirining birligi;
maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarga ta’lim va tarbiya berish uyg‘unligi;
bolaning shaxsini rivojlantirishga yo‘naltirilgan shaxsiy yondashuv;
maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limning izchilligi hamda uzluksizligi;
ta’lim va tarbiyaning demokratik hamda dunyoviy xususiyatga egaligi;
ta’lim-tarbiya jarayonining shaffofligi va ochiqligi;
maktabgacha ta’lim va tarbiya mazmuni, darajasi hamda hajmining maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarning rivojlanish xususiyatlariga hamda sog‘lig‘i holatiga muvofiqligi.
5-modda. Maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
har bir bolaning maktabgacha ta’lim va tarbiya olishga bo‘lgan huquqi amalga oshirilishini ta’minlash;
bolalarning maktabgacha ta’lim va tarbiyaga to‘liq qamrab olinishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
bolaning rivojlanishida, maktabgacha ta’lim va tarbiya olishida oilaga har tomonlama yordam ko‘rsatish;
bolalarning, shu jumladan alohida ta’lim olish ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning sifatli maktabgacha ta’lim va tarbiya olishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
ta’lim va tarbiya berishning muqobil shakllarini yaratish hamda rivojlantirish;
maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirishga qaratilgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish va rivojlantirish;
maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarni har tomonlama rivojlantirish maqsadida zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
6-modda. Maktabgacha ta’lim va tarbiya olishga doir davlat kafolatlari
Har bir bola maktabgacha ta’lim va tarbiya olish huquqiga ega. Davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotiga o‘qishga kirishidan bir yil oldin davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlaydi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni 15-bandining ikkinchi xatboshisi.
Bolaning maktabgacha ta’lim va tarbiya olishiga doir davlat kafolatlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari negizida maktabgacha ta’lim va tarbiya xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek ta’lim va tarbiya berishning muqobil shakllarini tashkil etish orqali ta’minlanadi.