Qirg‘iziston Ta’lim va fan vazirligi maktab va oliy o‘quv yurtlarida telefondan foydalanishni taqiqlashni taklif qilmoqda.
“Ta’lim tashkilotlarida mobil qurilmalardan foydalanish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Hujjatda maktab va oliy o‘quv yurtlarining talabalari va xodimlari ta’lim muassasasi binosiga kirishda o‘z gadjetlarini sukut rejimga o‘tkazishi talab qilinishi belgilandi. Talabalar mobil qurilmalarini o‘chirib, sinflarda belgilangan joylarda qoldirishi kerak bo‘ladi.
Telefondan faqat tanaffus paytida yoki favqulodda holatlarda foydalanish mumkin. Telefonlarni quvvatlantirish ham taqiqlanadi.
Ta’lim vazirligi, shuningdek, quyidagi maqsadlarda telefondan foydalanishni taqiqlashni taklif qilmoqda:
– zo‘ravonlik, shafqatsizlik yoki pornografiyani targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish;
– ta’lim muassasasi obro‘siga putur yetkazadigan harakatlar;
– foto va video suratga olish.
Shuningdek, o‘qituvchilarga ham dars vaqtida telefondan foydalanish taqiqlanadi, agar bu ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmasa.
Qayd etilishicha, ishlab chiqilgan qoidalar o‘quvchilar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy-ma’rifiy muhitni yaxshilash, shuningdek, bezorilik va nomaqbul kontent tarqalishining oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, yaqinda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham “Ayrim qonun hujjatlariga ta’lim, tarbiya va bolalar xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi. Bu bilan o‘quvchilarga dars vaqtida telefondan foydalanish taqiqlangan.