Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari koʻz oʻngida boʻgʻma ilon bilan “Ilon oʻyini” tomoshasi videotasviri tarqaldi. Holat Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida IIB tomonidan oʻrganilgan.
Ma’lum bo’lishicha, joriy yilning 24-oktyabr kuni Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanida joylashgan maktabgacha taʼlim muassasasida Ishtixon tumanida yashovchi B.M. va I.B.lar MTM 60 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilarining koʻz oʻngida boʻgʻma ilon (qizil kitobga kiritilgan, noqonuniy ravishda saqlangan yoʻlbars pitoni – uzunligi 2,50 metr) bilan sirk tomoshasini namoyish qilishgan.
Tekshiruv davomida, M.B. va B.I. lar tomonidan moddiy manfaatdorlik evaziga Qoʻshrabot tumanida joylashgan yana 8 ta umumtaʼlim maktablarda ham mazkur boʻgʻma ilon bilan sirk tomoshasi oʻtkazilganligi aniqlangan (jami – 840 nafar oʻquvchi tomoshabin boʻlib ishtirok etgan).
Shuningdek, B.M. faoliyat yurituvchi MCHJ tomonidan Qoʻshrabot tuman hududida 31.12.2024-yilga qadar zamonaviy sirk tomoshalarini oʻtkazish uchun ruxsatnomasi boʻlsada, uning doirasida “ilon oʻyini” koʻzda tutilmagan.
26-noyabr kuni B.M. tomonidan noqonuniy ravishda saqlangan yoʻlbars pitoni mutaxassislar ishtirokida hujjatlashtirilib, viloyat Ekologiya boshqarmasiga tegishli tartibda topshirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilib, vaziyatga huquqiy baho berish yuzasidan qonuniy choralar koʻrilayotgani ma’lum qilingan.