Adliya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikdagi qaroriga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab “Davlat va huquq asoslari” fanidan dars beradigan pedagog xodimlar uchun “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” respublika ko‘rik tanlovini tizimli ravishda o‘tkazish choralarini ko‘rishi belgilandi.
Tanlov 3 bosqichda o’tkaziladi:
Birinchi bosqich – tuman (shahar) bosqichi. Ushbu bosqich 2 qismda o‘tkaziladi, birinchi saralash qismi, bunda o‘qituvchilar internet tarmog‘i orqali o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etish orqali saralab olinadi. Ishtirokchilarda internet tarmog‘iga ulanish imkoni bo‘lmagan taqdirda tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida test sinovlarida ishtirok etadi. Test sinovlari natijasiga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan 20 nafar o‘qituvchi ikkinchi tanlov qismiga o‘tadi);
Ikkinchi bosqich – hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar) bosqichi;
Uchinchi bosqich – respublika bosqichi.
Tanlov 2 ta shart bo‘yicha mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan Qaydnomaga muvofiq quyidagi mezonlarga asosan 40 ballgacha baholanadi:
Birinchi shart – o‘qituvchining sohaga oid bilimlari – 10 ballgacha baholanadi. Ushbu shart bo‘yicha o‘qituvchining sohaga oid bilimlarini baholash O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarni bilishi ishtirokchining bilet tortishi va bitta savolga og‘zaki javob berishi (blis-so‘rov) orqali amalga oshiriladi. Bunda, tayyorgarlik ko‘rish uchun ishtirokchiga vaqt berilmaydi.
Tanlovning ikkinchi bosqichida birinchi shart natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan 20 nafar ishtirokchi ikkinchi shart – taqdimot qismida ishtirok etadi. Qolgan boshqa ishtirokchilar tanlovni tark etadi.
Ikkinchi shart – o‘qituvchining taqdimoti – 30 ballgacha baholanadi. Bunda, taqdimot quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
– mavzuni taqdimot asosida yoritilishi – 10 ballgacha;
– o‘qituvchining taqdimot mavzusi doirasida huquqiy bilimlari darajasi – 10 ballgacha;
– o‘qituvchining notiqlik mahorati – 10 ballgacha.
Taqdimot uchun 10 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Hakamlar hay’ati qarori yakuniy hisoblanadi va unga nisbatan shikoyat bilan murojaat qilinmaydi. Tanlovning tuman (shahar) va hududiy bosqichlarida 1-, 2- va 3-o‘rin sohiblari esdalik sovg‘alari hamda faxriy yorliq bilan taqdirlanadi.
Respublika bosqichi g‘oliblari quyidagicha pul mukofoti hamda faxriy yorliq bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin – 30 mln so‘m;
2-o‘rin – 20 mln so‘m;
3-o‘rin – 10 mln so‘m.
Bunda tanlovni tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar Adliya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.