“Kun.uz” tomonidan e’lon qilingan “Xususiy OTMning litsenziyasi to‘xtatilsa, undagi talabalar nima qiladi?” sarlavhali maqola bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilarni ma’lum qildi.
Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayonini tashkil etish va litsenziya talablari buzilganlik holatlari bo‘yicha vazirlikka kelib tushgan norozilik murojaatlari asosida tekshirish natijalariga ko‘ra hozirga qadar lisenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun 6 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining tegishli litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga davo arizalari kiritildi. Shundan 5 tasining tegishli litsenziyalari sud qaroriga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa, 1 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.
Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, 2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son Qarorga ko‘ra litsenziyasi bekor qilingan ta’lim tashkiloti yoki yopilgan ta’lim dasturida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishini davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga belgilangan tartibda ko‘chirish huquqi vazirlikka berilgan.
Shundan kelib chiqib, bugungi kunga qadar sud jarayonlari to‘liq yakunlangan va litsenziyasi bekor qilingan oliy ta’lim tashkilotlari – “Valley Innovative University”, Urganch shahridagi Binari universitetining barcha talabalari tegishli tartibda oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirildi. Hozirda litsenziyasi bekor qilingan boshqa oliy ta’lim tashkilotlarining talabalarini o‘qishini ko‘chirish ishlari tashkil etilmoqda.
Vazirlik litsenziyasi bekor qilingan oliy ta’lim tashkilotlarining biron-bir talabasi ko‘chada qolmasligini ma’lum qiladi. Barcha talabalarning arizasiga asosan o‘qishi belgilangan tartibda boshqa oliygohlarga ko‘chirilishi ta’minlanadi.