2025-yil 13-yanvar kuni Samarqand shahrining “Bahor” mahallasida 2010-yilda tug‘ilgan qiz to‘qqizinchi qavatdan sakrab, hayotdan ko‘z yumdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘sha kuni “Buyuk Ipak Yo‘li” ko‘chasidagi 18-uyda istiqomat qiluvchi bir ayol ko‘p qavatli uyda notanish qizni ko‘rib, u kimnikiga chiqayotganini so‘ragan. Qiz javob bermagan holda boshqa kirish qismiga o‘tib ketgan.
Guvohlarning aytishicha, qiz odatda har bir qavatda yorug‘lik va shamollatish uchun mo‘ljallangan deraza orqali pastga sakragan.
Bu voqea qizning sinf rahbari va o‘qituvchilarini hayratga solgan. Chunki u maktabning eng yaxshi o‘quvchilaridan biri bo’lgani ta’kidlangan.
“O‘sha kuni mening o‘quvchim maktabga keldi va barcha darslarda qatnashdi, keyin uyga qaytib ketdi”, – deydi Samarqand shahridagi 29-maktab o‘qituvchisi M. Bagirova.
– Uning kayfiyati yaxshi edi, hech narsa voqea sodir bo‘lishini bildirgani yo‘q edi. Soat 16:40 da menga qizni o‘lik holda topishgani haqida xabar kelib tushdi. Men darhol hodisa joyiga bordim, u yerda odamlar to‘planib bo‘lgan edi. Bu o‘quvchi doim yaxshi o‘qirdi va ustozlar tomonidan unga hech qanday e’tiroz bo‘lmagan. Bugun uning onasi bilan gaplashdim, u ham voqea sodir bo‘lgan paytda barcha uyda bo‘lganini aytdi. Oilada undan tashqari akasi va opasi ham bor. Onasi qizni axlat tashlashga chiqqanini, lekin qaytib kelmaganini ma’lum qildi.
Voyaga yetmagan qizning fojiali o‘limi sabablarini aniqlash bo’yicha tergov ishlari olib borilmoqda.