O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati kengashining “Mening maktabim” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori imzolangan.
Qarorda 2024-2025-o‘quv yilida umumta’lim maktablarida sinov tarzida “Mening maktabim” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Bunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab barcha umumta’lim maktablarida “Mening maktabim” loyihasini amalga oshirish maqsadida tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining 2025-yil uchun xarajatlar smetasida bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablag‘ ajratadi.
Ushbu mablag‘ doirasida 5-11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktab uchun zarur tovarlar olishi mumkin bo‘ladi.
“Mening maktabim” loyihasi – “Ochiq budjet” axborot portalida maktab o‘quvchilari fikri asosida loyihalarni shakllantirish, ularni saralash, ovoz berish yo‘li orqali g‘olib loyihalarni aniqlash hamda ularni budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni o‘z ichiga olgan jarayon hisoblanadi.
Ushbu loyiha takliflari 5-11-sinf o‘quvchilari fikri asosida shakllantiriladi. Ya’ni, ular o‘zlari ta’lim olayotgan umumta’lim maktabini jihozlash (elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktab uchun zarur tovarlar sotib olish) yoki qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga doir loyihalarni taklif qilishi mumkin bo‘ladi.
“Mening maktabim” loyihasida faqatgina maktabning 5-11-sinf o‘quvchilari ishtirok eta oladilar. Bunda o‘quvchilar faqat o‘zlari ta’lim olayotgan maktab uchun loyiha kiritish yoki ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Mening maktabim” loyihasi jarayonlari openbudget.uz portali orqali o‘tkaziladi. Bunda Portalning veb-sahifasi va mobil ilovasi teng kuchli hisoblanadi. Shu bilan birga, o‘quvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida Portalning imkoniyatlari “web3” texnologiyasi orqali ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim etilishi ham mumkin.
“Mening maktabim” loyihasi qanday bosqichlarda o‘tkaziladi?
Ushbu loyihada quyidagicha bosqichlar mavjud:
– sinf rahbarlarini loyihaga tayyorlash;
– o‘quvchilar tomonidan loyihalarni shakllantirish;
– ishchi komissiya tomonidan loyihalarni saralab olish;
– saralashdan o‘tgan loyihalarga ovoz berish;
– g‘olib loyihalarni aniqlash va amalga oshirish;
– tugallangan loyihalarni jamoatchilik nazorati asosida foydalanishga qabul qilish.
Sinf rahbarlari o‘zining sinf soatlarida o‘quvchilarga “Mening maktabim” loyihasining mazmun-mohiyatini hamda ishtirok etish shartlari va qoidalarini tushuntiradi. Shuningdek, o‘quvchilarga loyihalarni Portalga kiritishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
Bunda loyihalarni shakllantirish uchun o‘quvchilar o‘rtasida turli xil qiziqarli tadbirlar tashkil etgan holda ularni guruh bo‘lib ishlash ko‘nikmalarini shakllantiradi. Har yili o‘tkaziladigan jarayonda har bir o‘quvchi o‘zi ta’lim olayotgan maktabi uchun faqat bitta loyihani ilgari surish imkoniga ega bo‘ladi.
Ovoz berish bosqichi yakunlari qanday bo‘ladi?
Har bir maktab bo‘yicha loyihalar to‘plangan ovoz soniga qarab yuqoridan pastga saralanadi. Bunda eng ko‘p ovoz to‘plagan bir yoki bir nechta loyiha Jamg‘armadagi mavjud mablag‘ doirasida Portal tomonidan avtomatik tarzda g‘olib deb topiladi.
To‘plagan ovoz soni teng loyihalardan ovoz soni bo‘yicha birinchi bo‘lib yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan loyiha avtomatik tarzda tanlab olinadi. Barcha maktablar bo‘yicha g‘olib loyihalar bir vaqtning o‘zida Portal orqali e’lon qilinadi.
G‘oliblar aniqlangandan so‘ng Jamg‘armada shakllangan qoldiq mablag‘lar g‘olib deb topilgan loyihalarning yakuniy qiymatiga aniqlik kiritilishi munosabati bilan qo‘shimcha talab etiladigan farqni qoplashga yoki keyingi yil o‘tkaziladigan “Mening maktabim” loyihasi jarayonlariga yo‘naltiriladi.
G‘olib loyihalarning qiymatiga aniqlik kiritilib, qo‘shimcha mablag‘ga talab yuzaga kelganda Jamg‘arma mablag‘lari doirasida tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining tegishli buyrug‘i asosida mablag‘lar qayta taqsimlanishi mumkin.
2024-2025-o’quv yilida “Mening maktabim” loyihasi sinov tariqasida quyidagi tuman (shahar)larda o’tkaziladi:
Qoraqalpog’iston Respublikasi, Kegeyli tumani
Andijon viloyati, Bo’ston tumani
Buxoro viloyati, Vobkent tumani
Jizzax viloyati, Arnasoy tumani
Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani
Navoiy viloyati, Tomdi tumani
Namangan viloyati, Mingbuloq tumani
Samarqand viloyati, Qo’shrobot tumani
Surxondaryo viloyati, Bandixon tumani
Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani
Toshkent viloyati, Bo’ka tumani
Farg’ona viloyati, So’x tumani
Xorazm viloyati, Yangiariq tumani
Toshkent shahri, Shayxontohur tumani.
Eslatma! “Mening maktabim” loyihasida ovoz berish 2025-yil 13-yanvarda boshlangan va 17-yanvarga qadar davom etadi.
Manba: Xalqtaliminfo.uz
1 289