Aksariyat Yevropa Ittifoqi (YI) davlatlari har o‘quv yilining boshida o‘qituvchi bo‘sh ish o‘rinlarining katta qismini to‘ldirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Buning sabablari orasida past maoshlar, yuqori ish yuklamasi va o‘qituvchilar yoshining o‘sishi bor deb yozmoqda euronews sayti.
Yevropa Iittifoqi bo‘ylab o‘quv yili boshlanishi bilan 24 davlat o‘qituvchi yetishmovchiligi muammosiga duch kelgan, bu esa o‘quvchilarning ta’lim olish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatib, sifatli ta’limni ta’minlashni qiyinlashtirgan.
Shvetsiya eng ko‘p o’qituvchilar yetishmayotgan davlatlardan biri sifatida qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko’ra, 2035-yilgacha 153,000 malakali o‘qituvchi kerak bo‘ladi.
Yevropa Komissiyasining 2023-yilgi “Ta’lim va o‘quv monitoringi” hisobotiga ko‘ra, faqat Xorvatiya va Kiprda ta’lim xodimlari yetishmovchiligi qayd etilmagan. Yunonistonning mavjud davlat ma’lumotlari esa barcha fanlardan kadrlarga bo’lgan ehtiyojlar qoplanayotganini yoki ayrim fanlarda yetishmovchilik mavjudligini ochiqlamagan.
Ko‘pgina mamlakatlarda STEM fanlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) va bolalar bog‘chasi ta’limi uchun malakali kadrlar yetishmovchiligi muammosi mavjud.
Mazkur muammolar qanday paydo bo‘ldi?
O‘qituvchilik kasbida bir qator muammolar bor, jumladan past maoshlar, ishning beqarorligi va yuqori ish yuklamasi shular jumlasidan.
“Men har kuni qishloqda yashaganim uchun maktabga borib kelish uchun uch soat yo‘l bosardim”, – deydi u. “Brüsselda ishlashni tanladim, chunki bu menga xavfsizlik hisini berdi”, – deydi Gauthier Catteau. U 22 yoshida pedagogik faoliyatini boshlagan, ammo 29 yoshida Catteau o‘qituvchilikni tashlab, muhandislik sohasiga o‘tishga qaror qilgan.
2021-yilda Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy o‘qituvchilar sonining atigi 8 foizi 30 yoshdan kichik edi. Yevropa Ittifoqida 2021-yilda boshlang‘ich, o‘rta va yuqori maktablarda jami 5,24 million o‘qituvchi ishlagan.
Ukrainadagi urush tufayli bolalarning Yevropa Ittifoqi maktablariga integratsiyasi ham o‘qituvchi yetishmovchiligini kuchaytirgan
Masalan, Polshada 2023-yil fevral oyida 43,800 nafar Ukrainadan ko‘chirilgan bolalar maktabgacha ta’limga jalb etilgan. Bundan tashqari, ko‘plab mamlakatlarda o‘qituvchilar aholisining qarishi bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lib, yaqin yillarda nafaqaga chiqishlar kutilmoqda, bu esa tizimga qo‘shimcha bosim qo‘shmoqda.
Portugaliyada o‘qituvchilar kasaba uyushmasi (Fenprof) hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili 4,700-4,800 nafar o‘qituvchi nafaqaga chiqadi – bu ming yillikning eng yuqori ko‘rsatkichi. Mamlakat 2030-yilgacha 30,000 dan ortiq yangi professional pedagoglarni ishga jalb qilishi kerak bo‘ladi.
Yevropa miqyosida bu muammolarga qanday yechim bor?
Yevropa Komissiyasi o‘qituvchilarni boshqa mamlakatlarga o‘tkazishni rag‘batlantirish va innovatsion o‘qitish amaliyotlarini mukofotlash orqali ushbu yetishmovchilikni hal qilishga harakat qilmoqda.
Ko‘plab Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham nafaqaga chiqqan o‘qituvchilarni qaytadan ishga jalb qilishga va vaqtinchalik shartnomalar asosida o‘qituvchilarni yollashga urinishgan.
2024-yilning aprel oyida Irlandiyaning ASTI bosh kotibi Kieran Christie Ta’lim vazirligi mavjud o‘qituvchilar yetishmovchiligini hal qilish uchun “to‘liq yangicha yondashuv” zarurligini ta’kidlagan. Christie tashabbus sifatida xorijda ishlayotgan irlandiyalik o‘qituvchilarni qaytarish uchun bir qancha rag‘batlantiruvchi dasturlarni taklif qilgan.
“Yevropa bo‘ylab o‘qituvchi yetishmovchiligi bo‘yicha taqqoslanadigan ko‘rsatkich ishlab chiqish qiyin, chunki mamlakatlar turli ta’limiy qoidalarga ega. Masalan, ba’zi mamlakatlarda o‘qituvchilik malakasini olish uchun o‘qituvchilarni tayyorlash dasturini tugatishning o‘zi kifoya bo‘lsa, boshqa mamlakatlarda esa yana qo‘shimcha bosqichlardan o‘tish talab qilinadi”, – deb yozadi ta’lim iqtisodchisi Giorgio Di Pietro YIning Qo‘shma tadqiqot markazi uchun tayyorlangan hisobotda.