Respublika Oliy ta’lim kengashining hozircha rasman e’lon qilinmagan 29-noyabrdagi bayonnomasidagi bir qancha o’zgarishlar jamoatchilik e’tiboriga tushdi.
Majlis bayonida keltirilishicha, oliy taʼlim tizimidagi rahbar hamda professor-oʻqituvchilarning bir kunlik ish haqini koʻchat ekish, koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga “Yashil makon” umummilliy loyihasiga yoʻnaltirish tashabbusi maʼqullangan.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev shu holatga nisbatan Mehnat kodeksining 269-moddasiga tayangan holatda, xodimning yozma roziligi bo‘lmay turib uning ish haqidan ushlab qolinishi mumkin emasligini eslatgan. Shuningdek, mazkur moddada ish haqidan xodimning roziligisiz ham ushlab qolinishi mumkin bo‘lgan holatlar sanab o‘tilgan bo‘lib, ular orasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi nazarda tutilmaganligini ta’kidlagan.
“Rozilik deganda har bir xodimning yozma roziligi nazarda tutiladi. Har bir xodim o‘zi shaxsan 1 kunlik ish haqini ushlab qolishga rozi ekanligi haqida imzo chekishi shart” – deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev
Undan tashqari har bir talaba boshiga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 10 foizi miqdorida sport maydonchalari qurilishiga ajratish taklifi ham maʼqullangan.
“Soliq yoki majburiy toʻlov joriy qilish vakolatiga ega emas”
Xususan, bayonnomada “nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan moliya yili yakunida toʻlov-kontrakt shaklida mablagʻ qoldigʻining 4 foiz qismini Respublika oliy taʼlim kengashiga yoʻnaltirish amaliyotini joriy etilishi mumkinligi” haqida xabar jamoatchilik faollarida turli fikrlarni keltirib chiqardi.
Xususan, huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bayonnomani “matnda majburiylik haqida gap ketmagan boʻlsada, ammo bunday mazmunda qaror chiqarilishining oʻzi gʻalati” deya baholadi.
“Bu bayonnomani pesh qilib, pul oʻtkazishni talab qilish, agar oʻtkazmasa, turli oqibatlar keltirib chiqarishi (masalan, litsenziyasini olib qoʻyishga ishoralar va h.k.) mutlaqo noqonuniy hisoblanadi. Bunday qilishga hech kimning haqqi yoʻq (qogʻozlarda har holda, amalda bilmadim endi).
Shu sababli nodavlat oliygohlar Kengashga 4 foiz pul oʻtkazishga majbur emasligini bilishlari zarar qilmaydi. Unutmang, Respublika Oliy taʼlim kengashining oʻzi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi, qanaqadir davlatning vakolatli organi emas, kimgadir majburiyat yuklaydigan vakolati yoʻq”, – deydi u postida.
“Profi University” taʼsischisi Bektosh Xatamovga koʻra, “kontrakt toʻlovidan 4 foizlik ulushni kengashga yoʻnaltirish taklifidan” nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari taʼsischilari bayonnoma eʼlon qilinganidan keyin xabar topishgan.
“Bu biznes olamiga ham juda vahimali signallar beradi. Oʻzbekistonda biznes qilish vazir, hokim, yana boshqa amaldorlarning xohish va istaklari bilan soliq paydo boʻlishining oʻzi juda qoʻrqinchli signal.
Nega? Chunki bu davlatda qonunlar ishlamasligini, kim qachon xohlasa, oʻsha paytda qaror qabul qilib soliq yigʻishi mumkinligini koʻrsatadi. Bu esa investitsiya, har qanday investor uchun tahlika yaratadi”, – deydi u oʻz munosabatida.
Majlis protokoli konstitutsiyani chetlab o‘tgan (mi)?
Iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikricha, ushbu protokol bilan “ixtiyoriy-majburiy” soliq joriy qilinmoqda.
“Oʻzbekistonda yangi soliqlarni joriy etish nafaqat Oliy Majlisga, balki qaysidir tushunarsiz davlat organiga ham juda oson: yigʻilish bayonnomalari orqali amalga oshiriladi.
Pul kerakmi? Hech qanday muammo yoʻq: oʻz tasarrufidagi auditoriyadan yigʻamiz. Agar kimdir qarshilik qilsa, tekshiruv yuboramiz va litsenziyasini olib qoʻyamiz”,– deydi Yuliy Yusupov
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa ushbu protokolning qanchalik qonuniy kuchga ega ekanligiga to‘xtalib o‘tgan.
“Protokol egalari Konstitutsiya normalarini chetlab oʻtib, yangi soliq joriy qilishga qoʻl urishgan. Mazkur protokol universitetlarga antikonstitutsiyaviy soliq solish bilan cheklanmagan.
Protokol bilan universitetlar oʻqituvchilariga bir kunlik ish haqini Yashil makon loyihasi uchun ushlab qolish ham koʻzda tutilgan. Mehnat kodeksi, Qonunlarimizda xodim roziligisiz maoshdan ushlab qolish taqiqlanganiga qoʻl siltab qoʻya qolishgan”, – deydi oʻz munosabatida