Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi 26-maktab direktori o‘rinbosari o‘quvchiga qo‘l ko‘targanligi tasvirlangan videolavha tarqalgan.
Ma’lum bo’lishicha, Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 26-maktab direktori o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 8-sinf o‘quvchisi daftar olib kelmagani uchun yuziga tarsaki tushirib, uni turtkilagan.
Holat bo’yicha Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi o‘rganishlar olib borgan.
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirgan:
“O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari M.Sh. 8- “A” sinfga 2-soatda tarbiya fanidan darsi o‘tish jarayonida o‘quvchi X.A. o’rtasida daftari yo‘qligi uchun ziddiyat kelib chiqqanligi aniqlandi.
O‘qituvchi M.Sh. ushbu harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasi va 21-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi” 282-sonli buyrug‘ining 2-bob 13-bandini qo‘pol ravishda buzganligi uchun 26-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining tegishli buyrug‘iga asosan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi”, — deyiladi xabarda.