Ilon Mask tomonidan tashkil etilgan “Ad Astra” taʼlim muassasasi 14-noyabr kuni Texasda ochish uchun ruxsat oldi. Bu haqda Fortune nashri xabar berdi.
Maktab Ostin shahri yaqinidagi Bastrop tumanida joylashgan boʻlib, ilk oʻquv yilida 16 nafar bolani qabul qilishni rejalashtirgan. Keyingi yillarda oʻquvchilar soni 54 nafarga yetkaziladi va 6-9 yoshli bolalar uchun taʼlim dasturlari qoʻshiladi.
“Ad Astra” STEM taʼlimiga yoʻnaltirilgan boʻlib, uning maqsadi “yosh avlodning qiziquvchanlik, ijodkorlik va tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish” etib belgilangan.
Birinchi oʻquv (2024/25) yilida taʼlim, qoʻshimcha mashgʻulotlar, darsliklar va roʻyxatga olish xarajatlari subsidiya (davlat yoki tashkilot tomonidan moddiy yordam uchun ajratilgan mablagʻ) hisobiga qoplanadi. Keyingi yillarda shartnoma narxi mahalliy xususiy maktablar bilan tenglashtirilishi mumkin.
Ilon Mask Montessori usuli asosida tashkil etilgan birinchi “Ad Astra” loyihasini 10-yil oldin Kaliforniyada oʻz farzandlari uchun ochgan edi. Keyinroq bu maktab mustaqil masofaviy Astra Nova taʼlim muassasasiga aylandi.
Montessori usuli italyanlik shifokor Mariya Montessori tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, bolalarning mustaqil oʻrganish qobiliyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Ushbu tizim asosida taʼlim olgan mashhur shaxslar qatoriga Google asoschilari Larri Peyj va Sergey Brin, Amazon yaratuvchisi Djeff Bezos hamda videooʻyinlar ishlab chiqaruvchisi Uill Rayt kiradi. Ular oʻz muvaffaqiyatlarini ushbu usul bilan bogʻlashgan.
Maʼlumot oʻrnida, “Ad Astra” soʻzi lotin tilidan tarjima qilinganda “Yulduzlar sari” degan maʼnoni anglatadi.
STEM-taʼlim — bu fan (Science), texnologiya (Technology), muhandislik (Engineering) va matematika (Mathematics) sohalarini oʻz ichiga olgan taʼlim yondashuvi. Uning maqsadi — talabalarni real muammolarni hal qilish koʻnikmalarini, tanqidiy fikrlashni va ijodkorlikni rivojlantirish hamda ularni kelajakdagi yuqori texnologiyali kasblarga tayyorlashdir. Diqqat amaliyotga, fanlararo yondashuvga va jamoada ishlashga qaratiladi.