2023−2024 oʻquv yilida AQSH oliygohlarida oʻzbekistonlik talabalar soni qariyb 12 foizga oshib, 1219 nafarga yetdi.
2023−2024 oʻquv yilida Amerika Qoʻshma Shtatlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar soni 1219 nafarni tashkil etdi. AQSH Davlat departamenti koʻmagida Xalqaro taʼlim instituti (Institute of International Education, IIE) tomonidan oʻtkazilayotgan “Ochiq eshiklar” hisobotiga koʻra, bu oʻtgan yilga nisbatan 11,9 foizga koʻpdir.
Ularning yarmidan koʻpi, yaʼni 703 nafar talaba (oʻtgan yilga nisbatan +12,8 foiz) bakalavriatda, 350 nafari (+7,4 foiz) magistraturada tahsil olgan. 134 nafar talaba (+55,8 foiz) fakultativ amaliy mashgʻulotlarni tamomlagan, 32 nafari (-40,7 foiz) nodavlat taʼlim yoʻnalishlariga qabul qilingan.
Hisobotga koʻra, 2023−2024 oʻquv yilida AQSH universitetlarida jami 1,1 milliondan ortiq xalqaro talaba tahsil olgan, bu oʻtgan oʻquv yiliga nisbatan 17 foizga koʻpdir.
Eng koʻp xorijiy talabalar Hindistondan kelgan — 331,6 ming nafar (29,4 foiz). Ulardan keyin Xitoy (277,3 ming, 24,6 foiz) va Janubiy Koreya (43,1 ming, 3,8 foiz) talabalari bormoqda. Kuchli beshlikka Kanada (28,9 ming) va Tayvan (23,1 ming) ham kirgan.
Talabalarning aksariyati STEM yoʻnalishlarida (fan, texnologiya, muhandislik, matematika) taʼlim olgan — 56 foizni tashkil etadi, deyiladi hisobotda. Chet elliklar uchun matematika va kompyuter fanlari yetakchi taʼlim yoʻnalishlari boʻlib qoldi — ularni 280,9 ming (25 foiz) talaba tanladi. 210,1 mingdan ortiq (19, foiz) talaba muhandislik fanlari boʻyicha tahsil oldi.
Chet ellik talabalarni moliyalashtirishning asosiy manbalari shaxsiy/oilaviy byudjet (54,5 foiz), ish beruvchi (21,8 foiz) va Amerika universitetlari stipendiyalari (19 foiz) edi.