16-Noyabr kuni, fizika fanidan bo‘lib o‘tgan attestatsiya savollari yuzasidan vazirlik mas’ullari hamda bir guruh o‘qituvchilar uchrashdi.
Uchrashuv yuzasidan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o’zining blogida quyidagi fikrlarni bildirib o’tgan:
“Haqiqat bahsda tug‘iladi, deganlaridek, biz ham 4 soatga yaqin qizg‘in muhokama qildik. Urishdik, talashdik, yarashdik, ayrim joylarida yakdil xulosaga kelishdik, ayrim masalalarda umuman kelisha olmadik — xullas, hammasidan bo‘ldi. Muhokama videosini 2-3 kun ichida e’lon qilishga harakat qilamiz.
Umumiy xulosam shu bo‘ldiki, asosiy muammo baribir o‘zaro muloqot va kommunikatsiya yo‘qligidan chiqmoqda. Bir tomon yetarlicha ma’lumot bera olmayapti, boshqa tomonda tushunmovchilik ko‘paymoqda. Bu bo‘yicha hali qilinadigan ishlar ko‘p.
Masalan, vazirlik mas’ullari hozirgacha fizika fanidan attestatsiyada 71% o‘qituvchi 70 balldan baland natija qayd etganini aytdi. Bu ilgari e’lon qilinmagan raqam edi, ko‘pchilik hayron qoldi va hatto ishonmadi. Shu kabi muhim ma’lumotlar o‘z vaqtida aytilsa, yaxshi bo‘lardi.
Yurtimizda fizika fanining shuncha jonkuyarlari bor ekan, ularning boshini bir yerga qovushtirish va doimiy faol muloqot olib boradigan hamjamiyatga aylantirish lozim. Vazirlik bu bo‘yicha kerakli amaliy ishlarni olib borsa, faqat va faqat foyda bo‘lar edi. Asosiysi borliqni o‘rgatuvchi eng qiziq va muhim fan bo‘lgan fizikaga qiziqish o‘quvchi yoshlar orasida ham ortardi.” -deya xabar qoldirgan huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.