“Ta’lim sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2030-yil 1-yanvarga qadar nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari:
– barcha turdagi soliq (bundan ijtimoiy soliq mustasno) va yig‘imlardan ozod qilinadi;
– unda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan chet ellik o‘qituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq to‘lamaydi.
Shuningdek, 2030-yil 1-yanvarga nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining quyidagi O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovar jihozlariga bojxona to‘lovlari to‘lanmaydi (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno):
– zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari;
– kompyuter texnikasi va dasturiy mahsulotlar;
– o‘quv va ilmiy-metodik adabiyotlar, anjomlar va moddiy-texnik resurslar.
2025-yil 1-yanvardan boshlab:
– nodavlat ta’lim tashkilotlariga doimiy jalb etiladigan pedagog xorijiy mutaxassislarga “A-2” o‘qituvchilar kirish vizalarini berish yo‘lga qo‘yiladi;
– davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga mehnat qilish huquqini beruvchi tasdiqnoma berish yig‘im miqdori BHMning 30 baravaridan 1 baravarigacha kamaytiriladi.