2024-yil 21-noyabr kuni Avstraliya hukumati 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Bu haqda 21-noyabr kuni mamlakat Bosh vaziri Entoni Albanese saytida eʼlon qilindi.
2024-yilgi Onlayn xavfsizlikka oid tuzatish (Ijtimoiy tarmoqlar uchun minimal yosh) qonuni yosh avstraliyaliklarning rivojlanishining muhim bosqichlarida ularga ko‘proq himoya ko‘rsatishni maqsad qilishi ta’kidlangan.
“Ushbu qonun ijtimoiy tarmoqlardan 16 yoshdan kichik bolalarning akkaunt ochishini oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rishni talab qilib, ijtimoiy tarmoqlar platformalarining zimmasiga ushbu himoyani ta’minlash bo‘yicha mas’uliyat yuklangan. Hukumat onlayn xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun kuchliroq jazolarni joriy qiladi, bunda raqamli platformalar tizimli buzilishlar uchun 49,5 million AQSh dollarigacha jarimaga tortiladi.
Yosh chegaralangan ijtimoiy tarmoqlar platformasiga Snapchat, TikTok, Instagram, va X kabi platformalar kiradi. Mazkur qonun yosh avstraliyaliklar, ota-onalar, mutaxassislar, sanoat vakillari, jamiyat tashkilotlari va shtatlar hamda hududlar hukumati tomonidan keng fikr-mulohazalar asosida ishlab chiqilgan. Qonun va unga doir qoidalar yosh avstraliyaliklarga xabar almashish, onlayn o‘yinlar va Headspace, Kids Helpline, Google Classroom, YouTube kabi sog‘liq va ta’lim bilan bog‘liq xizmatlardan foydalanishda davom etishga imkon beradi”, — deyiladi bayonotda.
Bu Avstraliya hukumatining foydalanuvchilar xavfsizligini ta’minlash borasida platformalarni javobgarlikka tortish bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlariga asoslanganligi qayd etilgan.
Bosh vazir Entoni Albanesening fikriga ko‘ra:
“Biz bilamizki, ijtimoiy tarmoqlar jamiyatga zarar yetkazmoqda.
“Biz avstraliyalik bolalarning bolalikni his qilishini va ota-onalar hukumatning ularning yonida ekanini bilishini xohlaymiz.
“Bu muhim islohotdir. Ba’zi bolalar taqiqlarni aylanib o‘tishga harakat qilishi mumkin, ammo biz ijtimoiy tarmoqlar kompaniyalariga o‘z ishini to‘g‘ri qilish kerakligini aytyapmiz.”
Aloqa vaziri Mishel Roulandning fikriga ko‘ra:
“Albanese hukumati bolalarni onlayn xavfsizligini ta’minlash borasidagi majburiyatlarini davom ettiradi.
“Ushbu qonun bu borada qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi va jamiyatda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun maqbul yoshga nisbatan yangi normalarni yaratadi.
“Platformalar xavfsiz mahsulotlar taqdim etish va yosh avstraliyaliklarning ruhiy salomatligiga e’tibor qaratish uchun mas’uliyatga ega.
“Ushbu qonun onlayn xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jazo miqdorini 49,5 million AQSh dollarigacha oshirish orqali kuchli rag‘bat yaratadi.
“Bolalarni qayerda bo‘lishidan qat’i nazar xavfsizligini ta’minlash umumiy mas’uliyatdir va Albanese hukumati o‘z rolini bajarishga kirishmoqda.
“Shtatlar va hududlar bo‘yicha hamkasblarimizga, shuningdek ushbu muhim qonunni hayotga tatbiq qilishda hissa qo‘shgan barcha fuqaroga minnatdorchilik bildirmoqchiman.”