Ushbu chaqiriq Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmanı) va UNICEF tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida e’lon qilindi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
O‘zbekistonda bolalar uchun jinoiy odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish va targ‘ib qilish, shuningdek, islohotlar odil sudlovni bolalar uchun qanchalik adolatli va xavfsiz qilishi mumkinligi haqida xabardorlikni oshirish tadbirda muhokama qilingan asosiy masalalar bo’ldi.
Hozirda O‘zbekistonda bolalarga kattalar bilan bir xil jazo turlari, jumladan, jarima, jamoat ishlari va hatto ozodlikdan mahrum etish ham qo‘llaniladi. Ko’pgina mamlakatlarda qonunlar huquqbuzarlik va jinoyat sodir etgan bolalarga sudlov jarayonidan o’tish o’rniga o’z hayotlarini tiklash va jamiyatga qayta integratsiyasi uchun imkoniyat berib, ularni qo’llab-quvvatlaydi.
“UNICEF sud jarayonlarida ishtirok etayotgan bolalar uchun – xoh jabrlanuvchi, xoh guvoh yoki jinoyatda ayblanuvchi sifatida bo’lsin – kattalar uchun mo‘ljallangan tizimlar emas, balki ularning farovonligini himoya qiluvchi jinoiy adliya tizimlari zarur deb hisoblaydi”, – dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio.
BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonga hibsga olish o‘rniga maslahat, vositachilik va jamoat ishlari kabi choralarni joriy etishni tavsiya qilgan. Hozirda O‘zbekiston huquq tizimida bolalar uchun faqat cheklangan muqobil choralar mavjud.
“Оzodlikdan mahrum qilishdan boshqa variantlar bo’lishi muhim”, – dedi xalqaro sudya, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining sobiq raisi Renate Vinter. “Ozodlikdan mahrum qilish so’nggi chora bo’lib, faqat zarurat tug’ilganda qo’llanilishi va muntazam ravishda qayta ko’rib chiqilishi kerak”.
“Biz bolalarga qonun bilan ziddiyatli vaziyatlarda yoki ularning huquqlari buzilgan hollarda o‘zlarini xavfsiz his qilishlariga imkon beruvchi samarali, bolalarga do‘stona odil sudlov tizimini ilgari suramiz. Bolaning eng ustun manfaatlariga tayangan bunday yondashuv faqat nihoyatda kam hollarda bolani ushlab turishga yo‘l qo‘yadi”,- dedi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo’yicha vakili Surayyo Rahmonova.