Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishi bo’lib o’tmoqda.
Unda, bogʻcha va maktab yoshidagi nogironligi bor bolalarning taʼlim bilan qamrovi Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida eng pastligi koʻrsatib oʻtildi.
Respublika boʻyicha bunday bolalarni 16,5 mingi maktabga, 17,5 mingi bogʻchaga bormaydi, yana 11 ming bola maxsus maktab-internatlarda ota-onasidan uzoqda oʻqiyapti.
Shuning uchun Ijtimoiy himoya agentligi, MMTV, viloyat hokimlariga 1-fevralgacha har bir tumanda bittadan bogʻchada inklyuziv taʼlim guruhini ochish topshirildi. 1-sentyabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil qilinib, yana 1 ming 800 nafar nogironligi bor bola taʼlim olishi uchun sharoit yaratiladi.
Ijtimoiy himoya agentligiga harakati cheklangan bolalarga maktabga kelib-ketish xarajatini 75 foizini qoplash tizimini joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, mental va jismoniy nuqsoni bor bolalarni oʻqitadigan 90 ta maxsus maktabni koʻp funksiyali maktabga aylantirish kerakligi taʼkidlandi. Bu orqali nogironligi bor 2 ming bola ota-onasi bilan yashab, yaqin hududdagi maktabda oʻqish imkoniga ega boʻladi.
Yangi oʻquv yilidan Toshkent shahrida bitta shunday maktab faoliyati yoʻlga qoʻyilib, namuna qilinadi.