28-noyabr kuni Xo‘jaobod tumanida IIB boshlig‘i o‘quvchilar bilan «suhbat« o‘tkazib, ularni «qizil toifada» deb e’lon qilgan edi. Kun.uz ning xabar berishicha, Bolalar ombudsmani holat yuzasidan munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, muayyan toifaga mansub deb ajratish – bola huquqlari kafolatlariga mutlaqo zid. Bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tegishli ogohlantiruv hujjati kiritilgan.
Ombudsman mas’ullarning hech bir harakati bolalarni ajratish, diskriminatsiya qilish, ularni sha’ni va qadr qimmatiga zarar yetkazishga asoslanishi mumkin emasligi bildirgan. Bolalarni yuzlarini ochiq ko‘rsatgan holda muayyan toifaga mansub deb ajratish – bola huquqlari kafolatlariga mutlaqo ziddir.
«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchilik hujjatlariga muvofiq, har bir bolaga inson hamda fuqaro huquqlari va erkinliklari kafolatlanadi. O‘zbekiston BMTning «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyasiga a’zo davlat sifatida (2-modda), har bir bola uchun ko‘zda tutilgan barcha huquqlarni, hech qanday kamsitishlarsiz hurmat qiladi hamda ushbu huquqlarni ta’minlab beradi. Aytish kerakki, 18 nafar bolalarning yuzlarini ochiq ko‘rsatgan holda muayyan toifaga mansub deb ajratish – bola huquqlari kafolatlariga mutlaqo ziddir.
Mutasaddilarning mazkur harakatlariga baho berish va bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishga oid tegishli ogohlantiruv hujjati kiritildi», — deyiladi Bolalar ombudsmani Kun.uz’ga taqdim qilgan ma’lumotnomada.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani bu holatda «vijdon erkinligiga oid masala mavjud emas»ligini qayd etdi.
Holatga Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Muslim Ibrohimov ham izoh berib, bu holatda o‘quvchilarni «kamsituvchi holat mavjud emasligi»ni aytgan.
«Tarmoqlarda bu holat yoshlarni kamsitish sifatida atalgan. Ammo, vaziyat aytilganidek emas. Yoshlar bilan ishlashda har bir sektor rahbari oldida muhim vazifalar mavjud. Bunda, o‘quvchi-yoshlar hayoti, qiziqishi va o‘quv jarayonidagi holatdan kelib chiqib, reja asosida ish yuritiladi. Toifalar o‘quvchilar yoki yoshlarni emas, sektor rahbari oldidagi vazifalarni nazarda tutadi.
Bu holatda o‘quvchilarni kamsituvchi holat mavjud emas. Aksincha, ularning sha’ni va qadr-qimmatini saqlash va oshirish har bir rahbariyat vakili uchun muhim sanaladi» – deyiladi hokimlik raddiyasida.
Maqoladan so‘ng Xo‘jaobod tumani hokimligi o‘z xabarini tahrirlab, o‘quvchilarni «qizil toifa»da deb atagan qismini o‘chirib tashlagani, keyinroq, suratlarda voyaga yetmagan o‘quvchilarning yuzlari yopilgani aytilmoqda.