UzNews.uz axborot agentligining xabar berishicha, joriy yilning 19-noyabr kuni Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumani 50-sonli maktabning 9-sinf oʻquvchisi S.A. oʻzi bilan parallel sinfda oʻqiydigan 5-6 nafar boshqa sinfdagi oʻquvchilar tomonidan ayovsiz kaltaklangani va buning natijasida burun sohasida sinish holatlari kuzatilganligi haqida ma’lumot kelib tushgan.
Ushbu zoʻravonlik boʻyicha jabrlanuvchi oʻquvchining oʻzi holatni quyidagicha bayon etgan.
“Jismoniy tarbiya darsida sport zalda oʻzim bilan birga bir maktabda oʻqiydigan 9-sinf bollariga qarshi voleybol oʻynayotgan edik. Biz koʻp yutganimizni ular koʻrolmadi va oʻyin vaqtida menga nisbatan biroz keskin oʻynashdi.Shundan soʻng men ularga toʻgʻri oʻynaylik deganimda musht kelib tushdi va koʻpchilik urib tashlashdi. U yerda men tanigan bollar bor edi. Tashqariga chiqib yuzimni yuvmoqchi boʻlganimda ham kelib yana urishdi. Ular koʻpchilik boʻlishgani uchun men hech narsa qilolmadim”, – degan jabrlanuvchi.
Maʼlumotga koʻra, ayni vaqtda tuman IIO tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.